TOShKENT, 11-iyul - Sputnik. O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bugun afg‘on ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengayishini O‘zbekistonda tahsil olish uchun ta’lim grantlari orqali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chegaralararo tashabbusni amalga oshira boshladilar.
Xususan, rejaga ko‘ra, Afg‘onistondan kelgan 50 nafar ayol Qozog‘iston va O‘zbekiston universitetlarida o‘qiydi va bitiradi.
Yevropa Ittifoqi ushbu tashabbus uchun 2 million yevro miqdorida grant ajratdi, loyihani BMTTD 2025-yilgacha amalga oshirilishini ta’minlaydi.
"Ayollar o‘z milliy iqtisodiyotiyotlari o‘sishiga asosiy hissa qo‘shuvchilardir. Shunga qaramay, ular ta’lim olish, munosib mehnat va teng maosh olish imkoniyatiga ega bo‘lish yo‘lida ko‘pincha ijtimoiy to‘siqlarga duch kelishadi. Malakalari ortishi bilan ayollar xususiy yoki davlat sektorida yuqori darajadagi ish joylariga ega bo‘lishlari kutilmoqda, bu ularga o‘z mamlakatlari rivojiga samarali hissa qo‘shishga imkon beradi" - deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Eduards Stiprais.
Afg‘onistonlik ayollar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini o‘rganadilar va o‘qishni tugatgandan so‘ng ularga texnik va kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi guvohnomalar topshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomovga ko‘ra, O‘zbekiston qo‘shni do‘st Afg‘oniston zaminida tinchlikni qo‘llab-quvvatlaydi va ushbu jarayonni Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishga erishish uchun muhim shart deb biladi.
Ixtisoslashgan ta’lim olishdan oldin talabalar til kurslarini o‘tashlari kerak bo‘ladi.