TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 465 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 11 447 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanishlar: 104 nafari — karantin markazidagi fuqarolar (barchasi xorijdan kelgan), 56 nafari — Toshkent shahrida (barchasi aholi orasida), 4 nafari — Samarqand viloyatida (barchasi bemor bilan muloqotda bo‘lgan), 24 nafari — Qoraqalpog‘iston Respublikasida (14 nafari bemor bilan muloqotda bo‘lgan, 10 nafari aholi orasida).
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 194 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 7 082 nafarga yetdi.
Ayni paytda 4 316 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. 31 nafar bemor og‘ir ahvolda, 12 nafar bemor o‘ta og‘ir ahvolda.
O‘lim holatlari
Uchtepa tumanida yashovchi 83 yoshli onaxon koronavirusdan vafot etdi. Sh.T.ni 25-iyundan tana harorati ko‘tarilishi, yo‘tal, hansirash va nafas siqishi bezovta qilgan. 28-iyun kuni esa koronavirus aniqlangan va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. 30-iyun kuni tos suyagi buyinchasi singanligi sababli 1-son shahar klinik shifoxonasiga o‘tkazilgan.
Shayxontohur tumanida yashovchi 51 yoshli erkak R.N.ni so‘nggi 3-4 kun davomida hansirash bezovta qilgan. 4-iyul kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga yotqizilgan va unda "COVID-19" infeksiyasi tasdiqlangan. Ko‘krak qafasi rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan. Reanimatsion muolajalarga qaramay, bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.
Jizzax shahrida yashovchi 28 yoshli ayol M.O.ning 22-iyun kunidan tana harorati ko‘tarilib, u uy sharoitida davolanib yurgan. Bemor ahvoli og‘irlashib, 4-iyul kuni tibbiyot xodimlariga murojaat qilganidan so‘ng, undan "COVID-19" infeksiyasi tasdiqlangan. Unda ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgan. Reanimatsion choralarga qaramasdan, bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan afg‘onistonlik 40 yoshli bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 49 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Call-markaz
Toshkent hokimi Jahongir Artikxodjayev koronavirus pandemiyasi munosabati bilan navbatdagi poytaxt aholisiga murojaat qildi. Hokimning ta’kidlashicha, 10-iyuldan uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tunu kun uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi 1105 qisqa raqamli Call-markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.
Barcha masjidlar 1-avgustgacha yopiladi
10 iyuldan 1-avgustga qadar diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar faoliyati to‘xtatilmoqda.
Chegaradagi fuqarolarga yordam
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov 8-iyul kuni Samara viloyatiga tashrif buyurib viloyat gubernatori Dmitriy Azarov bilan uchrashdi. Uchrashuvda Samara viloyatining Qozog‘iston chegarasiga yaqin bo‘lgan hududida to‘planib qolgan O‘zbekiston fuqarolari masalasi muhokama qilindi. Samara gubernatori ushbu fuqarolarga uchun sharoit yaratishga va ularning vataniga qaytirish chora-tadbirlariga yordam berilayotganini aytib o‘tdi.
Xalqaro kodeks
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT shafeligida pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbari Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning COVID-19 davrida Mehnat munosabatlari bo‘yicha global sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Ushbu kodeksda davlatlarning o‘z fuqarolari va xalqaro sheriklari oldidagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va inson huquqlari sohalaridagi eng kam shartlari va majburiyatlari belgilab qo‘yilishi kerak.
Dunyo salomatligi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 12 milliondan oshdi, 548 ming kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQShda (3,0 mln), Braziliyada (1,7 mln), Hindistonda (767 ming).