TOShKENT, 7-iyul - Sputnik. "Roskosmos" rahbari maslahatchisi Ivan Safronov NATO maxsus xizmatlaridan biriga ishlaganlikda gumonlanmoqda. Taxmin qilishlaricha, Safronov bo‘linmaga harbiy-texnik hamkorlik va Rossiya "mudofaasi" haqidagi maxfiy ma’lumotlarni uzatib turgan. Bu haqda seshanba kuni RF FSB ma’lum qildi.
"Moskvada "Roskosmos" davlat korporatsiyasi bosh direktorining maslahatchisi Safronov Ivan Ivanovich qo‘lga olindi. Safronov, NATO maxsus xizmatlarining biri tomonidan berilgan topshiriqni bajarib, bo‘linma vakiliga davlat sirini tashkil qiluvchi RF harbiy-texnik hamkorligi, mudofaasi va xavfsizligi haqidagi ma’lumotlarni yetkazib turgan", - deyiladi relizda.
Jinoiy ish "Davlatga xiyonat" moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. Safronov 20-yildan ortiq muddatga qamalishi mumkin.
"Roskosmos"dagilarning ta’kidlashicha, Safronovning qo‘lga olinishi uning davlat korporatsiyasidagi faoliyati bilan bog‘liq emas.
"Roskosmos"ga ishga joylangunga qadar 2010-yildan 2019-yillar oralig‘ida Safronov "Vedomosti" va "Kommersant" nashrlarida ishlagan, harbiy va kosmik sohaga oid mavzular bilan shug‘ullangan. "Roskosmos" rahbari Dmitriy Rogozinning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga joriy yil may oyi oxirida tayinlangan.