TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 321 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 10 284 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 118 nafari Toshkent shahrida (shundan 46 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 72 nafari aholi orasida), 20 nafari Andijon viloyatida xorijdan kirib kelgan va karantinga olingan fuqarolar orasida, 3 nafari Farg‘ona viloyatida aholi orasida aniqlangan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 138 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 6 584 nafarga yetdi.
Ayni paytda 3 664 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. Davolanayotgan bemorlarning 8 nafari – o‘ta og‘ir ahvolda. 25 nafarining ahvoli og‘ir, 285 nafari – o‘rta og‘ir, 3206 nafari – qoniqarli holatda. Bemorlarning 172 nafarida pnevmoniya kuzatilyapti.
Hududlar toifalari
Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 29-maydagi yig‘ilish bayonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, joriy yil 20-iyun holatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan kiritilgan takliflar, bemorlarni butunlay sog‘ayishi hamda epidemik vaziyatni e’tiborga olgan holda tuman (shahar)larning toifalari o‘zgartirildi.
Respublikadagi 28 ta tuman va shaharlar “qizil” hududga, 57 tasi “sariq” hududga, 118 ta tuman va shaharlar esa “yashil” hudud toifasiga kiritilgan. Bu haqda batafsil.
O‘lim holatlari
Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 67 yoshli L.M. (erkak kishi) o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.
Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 67 yoshli L.M. (erkak kishi) joriy yil 26-iyundan tomog‘ida og‘riq, tana harorati ko‘tarilgan, ammo shifokorga murojaat qilmasdan uyida davolangan. 1-iyul kuni esa yo‘tali kuchayib, nafas siqishi belgilari paydo bo‘lgach, tez yordam chaqirgan va tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent shahar 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.
Bundan tashqari, Uchtepa tumanida yashovchi A. (erkak kishi) o‘tkir nafas va yurak qon -tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.
Bemor bir necha kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik bo‘lishiga qaramasdan shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmasdan, uy sharoitida davolanib yurgan. 2-iyul kuni Respublika ixtisoslashtirilgan Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va tekshiruv natijasiga ko‘ra, pulmonolog tavsiyasiga asosan Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga yuborilgan.
43 yoshli bemorga “Ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi 2-daraja, semizlikning 3-darajasi” tashxisi qo‘yilgan. Unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan.
Dunyo salomatligi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 11,4 milliondan oshdi, 534 ming kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQShda (2,9 mln), Braziliyada (1,6 mln), Hindistonda (697 ming).