TOShKENT, 4-iyul - Sputnik. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov OTMlarda qabul jarayonlarining borishi masalalariga bag‘ishlab videokonferens-yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot-xizmati
Xabarda aytilishicha, yig‘ilishda oxirgi paytda OAVlarda mamlakatning yirik OTMlari xodimlari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy holatlar tanqidiy muhokama qilingan. Bu masalada rektorlar, ta’lim muassasasidagi ma’naviy-axloqiy muhit uchun mas’ul bo‘lgan prorektorlar faoliyatiga salbiy baho berildi.
Xodimni ishga qabul qilishda uning avvalgi faoliyati, shaxsiy individual-psixologik xususiyatlari yetarli darajada o‘rganilmaganligi shunday holatlarni keltirib chiqarayotgan asosiy omillardan biri ekanligi ta’kidlangan.
"Bunday xodimning ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanmasdan, yillar davomida assistent, katta o‘qituvchi lavozimida ishlashining o‘zi kishini o‘ylantirish kerak: uning maqsadi nima, ilmiy-pedagogik faoliyatga layoqati bormi degan savollarga har bir rahbar javob izlashi zarur", - deb aytgan Majidov.
Shuningdek, aholining noroziligini keltirib chiqarayotgan masala – call-markazlar faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilgan.
Bugun (4 iyul kuni) soat 9:00 dan 12:00 gacha bo‘lgan vaqtda vazirlik xodimlari tomonidan OTMlarda tashkil etilgan Call-markazlariga o‘rganish uchun qo‘ng‘iroq qilinganda AnDU, TDShU, ToshDO‘TAU, O‘zXIA, O‘zXA, MRDI, TKTI Yangiyer filiali, TATU Samarqand filiali, SamVMI Toshkent filiali, BuxTIda qo‘ng‘iroqlarga javob berilmagan bo‘lsa, Qoraqalpoq tibbiyot instituti xodimlari "Qorovulxonaga tushdingiz" deb javob bergan.
Call-markazga tajribali va mas’uliyatli xodimlar biriktirish belgilangan. Ammo berilgan savollarga ba’zi oliy ta’lim muassasalaridan to‘liq javob olinmagan va ayrim OTMlarda berilgan oddiy savollarga ham javob berish o‘rniga sansalorlikka yo‘l qo‘yilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yoki Davlat test markaziga qo‘ng‘iroq qilishni maslahat berish bilan cheklangan.
Bunday holatlar TDPU, O‘zMU, TMI, SamDTI, TAQI, NukDPI, ToshDSI, SamDU, SamDChTI, SamISI, O‘zJOKU, ToshDTU Olmaliq filiali, NavDKI Nukus filialarida kuzatigan.
Tegishli OTMlari rahbarlari oxirgi marta ogohlantirilib, jamoatchilik e’tirozlarini keltirib chiqarotgan omillar sabablarini aniqlash va yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan. Sall-markazlar faoliyatini bunday "sirli qo‘ng‘iroq" usulida o‘rganish va baho berish ishlari uzluksiz amalga oshirilishi ta’kidlab o‘tildi.