TOShKENT, 2-iyul - Sputnik. Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar masalasi O‘zbekistonning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan, deya xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi axborotiga ko‘ra, Rossiya-Qozog‘iston chegarasi “Mashtakovo” va “Sagarchin” nazorat-o‘tkazish punktlari yaqinida O‘zbekiston fuqarolari to‘plangani kuzatilmoqda.
"Mazkur masala mamlakatimizning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan, Rossiya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib borilmoqda", - deyiladi xabarda.
TIV Operativ shtabi ushbu vaziyat to‘g‘risida ma’lumotni Respublika maxsus komissiyasiga kiritdi.
1-iyundan buyon Rossiyaning turli shaharlaridan 25 ta charter reyslari tashkillashtirildi hamda hafta oxirigacha Novosibirsk, Qozon, Yekaterinburg, Moskva, Rostov-Don shaharlariga navbatdagi reyslarni amalga oshirish kutilmoqda.
Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz, deyilgan TIV xabarida.