TOSHKENT, 28 iyun — Sputnik. Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida joriy yilning 28 iyundan boshlab karantin choralari keskin kuchaytirildi. Bu haqda Yangiyer shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, shahar hududida 28 iyun soat 00.01 dan boshlab koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida shaharga chegaradosh Xovos tumani Yangiyer mahallasidan (Paxtakor koʻchasida), Turkiston mahallasidan (Tinchlik koʻchasida), Yangiyer shahar Obodyurt mahallasida Yangi asr va A.Temur koʻchalari, Paxtakor va A.Temur koʻchalari, Shodlik mahallasida A.Navoiy va Yangibogʻ, Talabalar va Yangibogʻ koʻchalari kesishgan joyda blok postlar oʻrnatiladi hamda bu koʻchalarga avtotransport vositalarining kirib chiqishi qisman cheklanadi.
Yangi tashkil etilgan blok postlarda shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan dezinfiktsiyalovchi postlar tashkil etiladi.
Shaharga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infektsiyasi alomatlarini aniqlash boʻyicha majburiy tibbiy nazorat oʻrnatiladi.
Shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan qoʻshimcha ravishda shahar markazida joylashgan dehqon bozori, savdo majmualari
(supermarket, gipermarket va boshqalar) kirish-chiqish joylarini tegishli mutaxassislar bilan taʼminlagan holda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi va dezinfektsiya ishlari amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, 2020 yil 20 iyundagi yangilangan toifadagi hududlar roʻyxatiga koʻra Yangiyer shahri ”yashil”ga aylantirilgan.