TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasida “Folksvagen” yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan "Jizzax avtomobil zavodi MChJ negizida "O‘zbekiston yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish" investitsiya loyihasini amalga oshirishni davom ettirish bo‘yicha “Folksvagen” kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan konsepsiya ma’qullandi.
Konsepsiyada, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
Birinchi bosqichda 2020-2021 yillarda:
- bozorni o‘rganish hamda marketing tahlilini o‘tkazish maqsadida “Folksvagen” va “Shkoda” markalaridagi tayyor avtomobillarni yetkazib berishni tashkil qilish;
- Kompaniyaning yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda “Jizzax avtomobil zavodi” MChJ xodimlarini yirik uzelli avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;
- “Folksvagen Keddi” modelini yirik uzelli yig‘ishni tashkil etish maqsadida butlovchi qismlarni yetkazib berish;
- mamlakatning barcha hududlarida dilerlik tarmog‘i va servis xizmatlarini ko‘rsatish stansiyalarini tashkil etish.
Ikkinchi bosqichda 2022-yildan boshlab yengil tijorat avtomobillarining zamonaviy modellarini ishlab chiqarishning to‘liq siklini o‘zlashtirish.
2020 yil iyul oyidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Yevro-5” standarti talablariga javob beradigan yuqori sifatli dizel yoqilg‘isi va avtobenzinga ega kamida bitta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi bo‘lishi ta’minlanadi.