TOSHKENT, 26 iyun - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev OAV xodimlarini kasb bayrami bilan tabrik yoʻlladi. Tabrikda bugungi kunda ayrim jurnalist va blogerlarda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirayotgan masala ekanligi taʼkidlangan.
"Fursatdan foydalanib, jahon miqyosida yuz bergan pandemiya tufayli vujudga kelgan bugungi murakkab vaziyat va qiyinchiliklarga qaramasdan, aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazib berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni atroflicha aks ettirish yoʻlida oʻz professional burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, jurnalistlar ahliga chuqur minnatdorchilik bildiraman", - deyilgan tabrik avvalida.
Prezident mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishda axborot sohasini tubdan isloh qilish va rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini eslatib oʻtgan.
Keyingi uch yilda bu borada oʻndan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan. Xususan, "Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi prezident qaroriga muvofiq bu sohada yangi tizim yaratilgan.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash maqsadida oʻtgan bir yil davomida koʻplab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, 201 ta tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etilgan.
"Albatta, bugun biz hamma sohada, jumladan, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish borasida ham izlanishdamiz. Binobarin, bu yoʻlda yutuqlar bilan birga, kamchilik va nuqsonlar boʻlishi ham tabiiydir. Bu haqda gapirganda, milliy media maydonimizda zamonning oʻtkir talab va mezonlari, eng muhim tendentsiyalarini ochib berish, tanqidiy tahlil, odamlar kutayotgan mavzu va muammolarni dadillik bilan oʻrtaga tashlash hali ham yetakchi oʻrin egallamayotganini aytishga toʻgʻri keladi. Afsuski, aksariyat axborot vositalarida ijtimoiy salmogʻi yengil boʻlgan, hisobot va balandparvozlik ruhidagi materiallar hanuz ustunlik qilmoqda. Yana bir muhim masala – ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirmoqda", - deya taʼkidlaydi Oʻzbekiston rahbari.
Prezident u boradagi eng asosiy vazifa – ana shunday kamchiliklarni chuqur oʻrganib, ularni bartaraf etish, mavjud miqdor koʻrsatkichlarini sifat koʻrsatkichlariga aylantirish, ommaviy axborot vositalarining samaradorligini oshirishdan iboratligini qoʻshimcha qilgan.
"Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda eʼtirof etilgan, oʻzgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist boʻladimi, bloger boʻladimi, bundan qatʼi nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart.
Biz boʻlgʻusi jurnalistlarimiz chuqur bilim va kasb mahoratini, ona tilimiz bilan birga chet tillarni, faol fuqarolik pozitsiyasini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, notiqlik malakasini puxta egallashlariga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur. Ana shunday yetuk kadrlarni tayyorlashda eng avvalo oʻzimizning boy maʼnaviy merosimizga tayansak, albatta natija boʻladi. Bu borada jadidlar, xususan, bu yil 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan ulugʻ alloma va publitsist Mahmudxoʻja Behbudiyning milliy jurnalistika maktabi ayniqsa muhim ahamiyatga ega.
Siz azizlarning bugungi kasb bayramingiz bahona bir ezgu taklifni ilgari surmoqchiman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi stipendiyani taʼsis etsak, oʻylaymanki, bu ham yoshlarimizni milliy gʻoya ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi", - deya taʼkidlagan Mirziyoyev.
Shuningdek, ayni vaqtda jahondagi yetakchi media kompaniyalarining kadrlar tayyorlash va ular bilan ishlashga oid tajribasini chuqur oʻrganib, chet ellik jurnalistlar bilan tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etilgan.