TOShKENT, 26-iyun - Sputnik. Toshkent shahrida qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining deyarli yarmi yoshlar tomonidan sodir etilgan. Toshkent shahri kriminogen jihatdan respublikada 1-o‘rinni olgan. Bu haqda bugun, juma kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisida aytib o‘tildi.
Majlisda ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida 2019-yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida poytaxt hududida sodir etilgan umumiy jinoyatlar 430 taga yoki 6 foizga kamaygani qayd etilgan. Poytaxtdagi 514 ta MFYdan 76 tasida yoki 14,8 foiz jinoyatlar sodir etilmagan va 369 tasida yoki 72,1 foiz kamayishiga erishilgan bo‘lib, 40 tasida oshgan.
Qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining deyarli yarmi yoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lib, respublikada eng yomon salbiy ko‘rsatkichni qayd etgan. Shuningdek, Toshkent shahrida jinoyat sodir etgan shaxslarning deyarli har uchinchisi yoshlar hamda har to‘rtinchisi ishsizlarni tashkil etadi.
Jami 79 nafar voyaga yetmagan shaxs tomonidan 1 tadan qotillik, nomusga tegish, tovlamachilik, transport vositasini olib qochish va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari, 5 tadan og‘ir tan jarohati yetkazish va bosqinchilik, 3 ta firibgarlik, 8 ta talonchilik, 36 ta o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilgan.
Poytaxtda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning har o‘n birinchisini o‘g‘rilik, har beshinchisi esa firibgarlik kabi jinoyatlarni tashkil etgan.
O‘z navbatida, 2020 yilning 5 oyi mobaynida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar ham o‘rganilib, kriminogen vaziyatga baho berildi.
Jumladan, shaharda 896 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat qayd etilgan bo‘lib, respublikada salbiy 1-o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, mahalla hududida 1 245 ta sodir etilgan jinoyatlarning jami jinoyatga nisbatan salmog‘i 43 %ni tashkil etib, shu turdagi jinoyatlar ham respublikada salbiy 1-o‘rinni qayd etgan.
Jami qotillik jinoyatlarining 9 tasi yoshlar, 4 tasi xotin-qizlar, 3 tasi ilgari sudlanganlar, 8 tasi mast holda hamda 14 tasi o‘tkir tig‘li jismdan foydalanib sodir etilgan.
Poytaxtda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning har yettinchisi o‘g‘rilik, har beshinchisi esa firibgarlik kabi jinoyatlarni tashkil etgan.