TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Surxondaryo viloyat Denov shahrida vafot etgan bir nafar bemorda koronavirus tasdiqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 59 yoshli ayol B.X. so‘nggi 5-yildan buyon ikki tomonlama o‘pkaning o‘tkir bronxopnevmoniyasi tashxisi bilan davolanib kelgan. Shu yilning 19-iyun kuni uning murojaatiga ko‘ra olingan namunada koronavirus infeksiyasi mavjudligiga gumon qilingan va bemor tez yordam mashinasida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Shifoxonada bemorga ikki tomonlama o‘tkir bronxopnevmoniya, o‘tkir yurak va o‘pka yetishmovchiligi og‘ir darajasi, koronavirus infeksiyasiga gumon tashxisi qo‘yilgan. Bundan tashqari, bemorda o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, surunkali piyelonefrit, kamqonlikning o‘rta og‘ir darajasi yondosh kasalliklar tashxisi ham qo‘yilgan.
Bemorga ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordam va reanimatsion muolajalarga qaramasdan u yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan.
Respublika sanitariya-epidemilogik osoyishtaligi agentligining maxsus referens laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, marhumadan olingan namunada koronavirus tasdiqlangan. U bilan muloqotda bo‘lgan oila a’zolari, yaqinlari va boshqa fuqarolar qat’iy karantinga olingan. Ushbu holat yuzasidan epidemiologik surushtiruv ishlari olib borilmoqda.