Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus Buyuk Britaniyada COVID-19ni davolashda deksametazonni klinik sinovlar natijalarini "ilmiy yutuq" deb atadi. Oksfordda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bu yallig‘lanishga qarshi dori sun’iy nafar oldirish uskunasiga ulangan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning o‘limini 35 foizga, kislorod oladigan bemorlarda esa 20 foizga kamaytiradi.
Gebreyesusning bu bayonotiga javoban Misr Koronavirus bilan kurashish ilmiy qo‘mitasi rahbari Hussam Hosni javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, misrlik shifokorlar deksametazonni COVID-19 ijobiy natijalari alomatlarini davolashda Buyuk Britaniyada ushbu dori ro‘yxatdan o‘tganini e’lon qilishidan oldin ham qo‘llashgan.
Rossiya fanlar akademiyasi akademigi, Rospotrebnadzorning Epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti bo‘limi boshlig‘i Vadim Pokrovskiyning so‘zlariga ko‘ra, inglizlarning yutuqlari katta ahamiyatga ega emas.
“Koronavirus infeksiyasining og‘ir holatlarida tananing reaksiyasi sifatida haddan tashqari yallig‘lanish jarayonlari katta rol o‘ynaydi. Deksametazon boshqa ko‘plab dorilar singari yallig‘lanishga qarshi vositadir. Shuning uchun paratsetamol haqida ushbu infeksiyani davolash vositasi sifatida gapirilgan edi, u xuddi shu guruhga tegishli”, - dedi Pokrovskiy Sputnik radiosi efirida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, britaniyaliklarning yutug‘i shundaki, ular to‘g‘ri olib borilgan klinik tadqiqotda deksametazonning samaradorligini namoyish eta olishgan va bu og‘ir bemorlarda o‘lim xavfini ma’lum foizga kamaytirayotganini isbotlay olishgan.
"Kasallikning yengil va o‘rtacha shakllarida uni ishlatishdan ma’no yo‘q", - dedi Rossiya fanlar akademiyasining akademigi.
Shuningdek, u Rossiyada deksametazon bir necha o‘n yillar davomida yuqumli kasalliklarda haddan tashqari yallig‘lanish mavjud bo‘lgan holatlarda ishlatilayotganini aytib berdi.
Shu bilan birga, Pokrovskiy ushbu dori bir qator qo‘shimcha ta’sirlarga ega ekanligini ta’kidladi.
“Uni uzoq vaqt davomida ishlatib bo‘lmaydi, chunki u OITSni eslatuvchi immunitet tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin, - dedi akademik. - Dorixonaga yugurib darhol ushbu dorini sotib olishning keragi yo‘q, uning qo‘shimcha ta’sirlari juda ko‘p. Biz uni doim faqat o‘ta og‘ir holatlarda ishlatamiz. Koronavirus infeksiyasining og‘ir shakllari ham shu jumladan”.