TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida bu yilgi bitiruvchilarni o‘qish va ishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilda 451 mingdan ziyod yoshlar maktablarni va 188 ming nafari kollejlarni tamomladi. Bu yil qabul qamrovi kengaygani natijasida ularning 103 ming nafari oliy ta’lim muassasalariga va 90 mingtasi kollej-texnikumlarga o‘qishga kirganda ham, boshqalarining bandligini ta’minlash zarur. Shuningdek, 71 ming nafar talaba oliy o‘quv yurtlarini bitirdi.
“Qaysi hokim bu masalada bosh qotirib, bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashdi? Yosh o‘g‘il-qizlarimiz ertaga qayerga va kimga ish so‘rab murojaat qiladi? Hududda ular uchun ish o‘rinlari zaxirasi shakllantirilganmi? – deya savollar qo‘ydi Mirziyoyev.
Masalan, Surxondaryo viloyatida qariyb 2 ming nafar talaba pedagogika yo‘nalishlarini bitirmoqda. Ayni paytda Sariosiyo, Oltinsoy va Uzun tumanlaridagi qishloq maktablarida o‘qituvchilar yetishmaydi. Viloyat hokimi va sektor rahbarlari shu bitiruvchilar bilan uchrashib, ularni ishga yo‘naltirishga yordam berishi kerakligi ta’kidlandi.
“Bosh vazir o‘rinbosarlariga olis hududlarga ishga boradigan yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish, ular uchun boshlang‘ich yordam puli va uy-joy ajratish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi”, - deyilgan xabarda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda “Ishga marhamat” mono-markazlari tashkil etish, yoshlarni kasbga va tadbirkorlik asoslariga o‘rgatish maskanlari hamda mahalla guzarlarida o‘quv kurslari ochish vazifasi qo‘yildi.