TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Ichki ishlar vazirligi fuqaroni majburlab olib ketishga uringan IIB va Milliy gvardiya xodimiga xalq norozilik bildirgani aks etgan video uzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 14-iyun kuni Nukus shahri hududida aholi orasida karantin qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovlar qator mutasaddilar bilan X.Abdambetov ko‘chasidagi avtoturargoh atrofida tekshiruv ishlarini olib borgan. Tekshiruv vaqtida shu yerda to‘xtab turgan, 23 yoshli “Matiz” haydovchisi U.M. tibbiy niqob taqmagani va taksi haydovchilari uchun belgilangan maxsus kombinezon kiymagan holda faoliyat olib borayotganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi xodimi surishtiruv olib bormoqchi bo‘lganda U.M. xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan. Ularga faol qarshilik ko‘rsatib, o‘zining harakatlari bilan shu yerda bo‘lgan boshqa shaxslarning e’tiborini jalb qilgan. Aynan shu holat videotasvirda aks ettirilgan.
Natijada qoidabuzarga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Hozir Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organi xodimi hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi bir fuqaroni majburlab mashinaga ortishga uringani tasvirlangan video tarqalgan edi.