TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. Koronavirus pandemiyasi tufayli qiyin ahvolda qolgan Rossiyadagi 2428 nafar O‘zbekiston fuqarolariga “Mehr” loyihasi doirasida 14 935 076 rubl (taxminan 218 ming dollar) moliyaviy yordam berildi. Bu 6-iyun holatiga ko‘ra keltirilgan raqamlar.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, diplomatik vakolatxona 25-martdan 28-maygacha Moskva shahrida o‘ta qiyin vaziyatda qolgan O‘zbekiston fuqarolarining yashash va oziq-ovqati uchun jami 6 700 560 rubl (taxminan 100 ming dollar) to‘lagan. Shu kabi choralar Rossiyaning boshqa shaharlarida joylashgan bosh konsulxonalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi 10 mingdan ortiq vatandoshlarga oziq-ovqat tarqatilishini tashkillashtirgan, 150 dan ortiq oziq-ovqat paketi va 1000 dan ortiq fuqaroga 180 ming turk lirasi qiymatidagi 1800 ta oziq-ovqat taloni tarqatilgan. Shu kabi ishlar boshqa ko‘plab xorijiy shaharlarda ham amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning elchixonalari va konsullik muassasalari koronavirusga qarshi kurashda insonparvarlik yordami va texnik ko‘mak jalb qilish uchun maqsadli ishlarni amalga oshirdi.
10 aprel kuni O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari tashabbusi bilan va diaspora tashkilotlari ko‘magida “Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz” nomli xayriya aksiyasi boshlandi. Aksiya doirasida 28-may holatiga ko‘ra, 61 675 dollar miqdoridagi mablag‘ yig‘ilib, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondining maxsus hisob raqamiga o‘tkazildi. Mablag‘ yig‘ish davom etmoqda.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ham “Kuch birlikda” xayr-saxovat aksiyasi tashabbusi bilan chiqdi. Yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan 705 ta oilaga qariyb 10 ming yevro miqdorida yordam ko‘rsatildi. O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan xayriya mablag‘larini yig‘ish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida 100 ming dollardan ortiq mablag‘ Jamoatchilik fondi hisob raqamiga o‘tkazildi.
O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi tomonidan Buyuk Britaniyaning “BAT” kompaniyasi tomonidan 2 milliard so‘m pul o‘tkazilishi va sun’iy nafas oldirish apparatlarini xarid qilish uchun 200 ming dollar miqdoridagi mablag‘ ajratilishi masalasi hal qilindi. Anqara shahridagi elchixona O‘zbekistonga 50 dona sun’iy nafas oldirish apparatini beg‘araz asosda yetkazib berishni tashkil qildi.
Vazirlik va O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari harakatlari natijasida “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondining hisob raqamiga deyarli 250 ming dollar o‘tkazildi. Shuningdek, chet eldagi diplomatik vakolatxonalar yordamida tibbiy jihozlar olish uchun 400 ming dollardan ko‘proq mablag‘, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, tibbiy asboblar va buyumlar ko‘rinishidagi bir necha yuz tonna insonparvarlik yordami O‘zbekistonga jalb qilindi.
Qayd etilishicha, ehtiyojmand fuqarolarga vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, dori-darmon, shaxsiy gigiyena vositalari va boshqalar bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatilmoqda.