TOSHKENT, 4 iyun — Sputnik. Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi maktablardan birining taʼmiri bilan bogʻliq holat oʻrganib chiqildi va tegishli huquqiy baho berildi. Bu haqda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “Salom layoqatli, qobiliyatli sinf rahbarlari!” nomli xabar yoritilgan edi. Unda Toʻraqoʻrgʻon tumanida oʻquv yili yakunlanishi munosabati bilan umumtaʼlim maktablari taʼmiri bilan bogʻliq vaziyatga oid eʼtiroz oʻz ifodasini topgan. Xususan, xabarda sinf rahbarlari va fan oʻqituvchilariga murojaat qilingani va sinf xonasi taʼmirini boshlashlari mumkinligi aytilgan.
Jumladan shunday deyilgan internetda tarqalgan xabarda: “... Oʻquvchidan remontga deb pul soʻramang, homiyni qayerdan topaman, deb bizdan ham soʻramang. Layoqatingizni va qobiliyatingizni ishga soling!”
Bu xabar viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi hamda Toʻraqoʻrgʻon tumani xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan ishchi guruh tuzilib, oʻrganildi.
Oʻtkazilgan surishtiruv natijalariga koʻra, ushbu xabarni tumandagi 36- umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi - maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari B.N. shaxsiy telefoni orqali telegram tarmogʻi orqali oʻqituvchilarga yetkazganligi aniqlandi.
U muassasada ishlovchi xodimlarni taʼlim muassasasini taʼmirlash uchun xomiy topishga jalb qilgan.
Oʻrganish natijasiga koʻra, B.N. viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻining buyrugʻi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.