TOSHKENT, 4 iyun — Sputnik. 2020 yilning 1 iyulidan Oʻzbekistonga parvozlar qilayotgan xorijiy aviakompaniyalar yoʻlovchilar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlarni Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga taqdim etadi. Vazirlar mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Taʼkidlanishicha, yoʻlovchilar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar bilan ishlash DXX CHQ tomonidan ishlab chiqiladigan tizim boʻyicha amalga oshiriladi. Xorijiy mamlakatlar aviatsiya maʼmuriyatlari va xorijiy aviatashuvchilar DXX CHQga xalqaro tashuvchilar tomonidan yoʻlovchilar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumot majburiy ravishda taqdim etilishi tizimi amalga kiritilishi toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
“Oʻz navbatida, mazkur tartibning joriy etilishi xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlari, boʻlishlari va respublika hududidan chiqib ketishlarida qoʻshimcha qulayliklar yaratishga xizmat qiladi”, - deyilgan xabarda.
Yoʻlovchilar boʻyicha dastlabki maʼlumot taqdim etilishining majburiy tartibi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) standartlari va tavsiya etiladigan amaliyotini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Maʼlumot uchun: IKAO standartlari texnik talab boʻlib, uning yagona tartibda qoʻllanilishi xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasining xavfsizligini yoki muntazamligini taʼminlash uchun zarurdir. IKAO tavsiya etiladigan amaliyoti ham texnik talab boʻlib, uning yagona tartibda qoʻllanilishi xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasining xavfsizligini, muntazamligini yoki samaradorligini taʼminlash uchun maqsadga muvofiq hisoblanadi.