TOShKENT, 29-may — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikada koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 31 kishida koronavirus aniqlandi, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3 468 nafarni tashkil qilmoqda.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 34 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Jami sog‘ayganlar soni 2 728 nafar.
Ayni paytda 731 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Navoiy – kuchli karantinda
Navoiyda karantin qoidalari kuchaytirildi. Yuqori malakali shifokor-olimlar, epidemiolog, infeksionist, otorinolaringolog, reanimatolog, pulmonolog, xirurg hamda vrach-laborant kabi qator mutaxassislardan iborat maxsus guruh viloyatga yuborildi.
Hududda karantin qoidalarini yanada kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, prokuratura xodimlari bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda. Epidemik vaziyatdan kelib chiqib, asosiy uchoq bo‘lmish, Zarafshon shahri “qizil” hudud toifasiga kiritilgan.
Viloyatning yana qator tuman va shaharlarida ham yuzlab fuqarolar uy va statsionar karantinga olinib, qat’iy tibbiy kuzatuvga olingan.
Yana bir “qizil” tuman
Buxoro viloyatining Shofirkon tumani "qizil" hududga kiritildi va 28-maydan ushbu hududga kirib-chiqish to‘xtatildi.
27 may kuni Shofirkon tumanida bitta oilaga mansub 7 nafar fuqaroda koronovirus infeksiyasi aniqlangandi. Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlardan dastlabki test namunalari olinmoqda.
Ichki turizm
O‘zbekistonda 1-iyundan ichki turizm faoliyati qayta tiklanishni boshlaydi. Belgilangan sanitariya-gigiyena meyorlari va talablariga qat’iy rioya etgan holda 2020-yilning 1-iyunidan “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda ichki turizmni qayta yo‘lga qo‘yish bilan birgalikda yondosh tashkilotlarning (turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat va madaniy meros obyektlari hamda boshqalar) faoliyatini boshlanadi.
Dunyo salomatligi
COVID-19 dunyoning deyarli barcha davlatga yetib bordi. BSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan kishilarning soni 5,59 milliondan oshdi, 353 ming kishi vafot etdi. Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 5,81 million kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldi, vafot etgan soni esa 360 ming kishi.