TOShKENT, 24-may — Sputnik. Surxondaryo viloyatidagi yo‘l-transport hodisasida voyaga yetmagan bola qurbon bo‘ldi.
IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, YTH 23-may kuni Sho‘rchi tumani, “Bo‘ston” MFY hududidan o‘tuvchi mahalliy avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. “Neksiya-3” mashinasining 28 yoshli haydovchisi tezlikni meyoridan oshirgan holda boshqarayotib, yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan piyoda S.T.ni urib yuborgan.
Natijada piyoda 11 yoshli S.T. og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.
Mazkur YTH yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Barcha haydovchilardan belgilangan tezlik meyorlariga amal qilishlarini, piyodalarga e’tiborli bo‘lishlarini, piyodalar belgilanmagan joylardan yo‘lni kesib o‘tmasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi xabarda.