TOShKENT, 21-may — Sputnik. Buxorodagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi qurbon bo‘ldi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, YTH 19-may kuni Qorako‘l tumanidan o‘tuvchi 4R-76 yo‘lining 8-kilometrida sodir bo‘lgan. 31 yoshli Nexia haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, o‘ziga qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan 39 yoshli N.T.ning boshqaruvidagi Lacetti bilan to‘qnashib ketgan.
Oqibatda Nexia avtomashinasining yo‘lovchisi 19 yoshli Z.N. hodisa joyida, haydovchi M.J. esa tibbiyot birlashmasida vafot etganlar.
Bundan tashqari, har ikki avtomashinadagi 6 nafar yo‘lovchilardan 5 nafari og‘ir tan jarohati, bir nafari esa yengil tan jarohati olgan, ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.