TOShKENT, 22-may - Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3006 nafarga yetdi.
"Aniqlangan yangi kasallanish holatlarining 5 nafari oldindan karantinda bo‘lgan fuqarolar, 6 nafari xorijdan kelgan shaxslar (barchasi xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi), 28 nafari esa aholi orasidan qayd etildi", - deb xabar qiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Aholi orasidan aniqlangan holatlarning 13 nafari Samarqand, 15 nafari esa Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Hozirda ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar belgilangan tartibda qat’iy karantinga olingan.
Ayni paytda 2407 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar butunlay sog‘aygan. Hozirda O‘zbekistonda 586 nafar bemor davolanmoqda. Ulardan 4 nafarining ahvoli og‘ir.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bir sutka ichida dunyo bo‘yicha COVID-19ga chalingan bemorlar soni 103 mingga oshib, 4,9 million nafarga yaqinlashgan. Sutka davomida 4,4 mingdan ziyod inson vafot etgan.