TOShKENT, 21-may — Sputnik. O‘zbekiston Turkmanistonga mamlakatlar o‘rtasida yo‘lovchilar tashishni tashkil etish yo‘nalishidagi ishlarni faollashtirish taklifi bilan chiqdi.
Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Davron Dehqonov va “Turkmanavtotransport” agentligi raisining o‘rinbosari Jumageldi Garayevning videokonferensiya aloqa shaklidagi uchrashuvida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari, ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammolar, xususan, koronavirus pandemiyasi sabab amaliyotga joriy etilayotgan cheklov choralari muhokama qilindi.
Garayev Turmaniston tomoni koronavirus infeksiyasining mamlakatga kirib kelishi va qo‘shni respublikalar hududiga tarqalishining oldini olish yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rayotganini ta’kidlab o‘tdi.
“Davlatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining o‘rinbosari D.Dehqonov mamlakatlar o‘rtasida yo‘lovchilar tashishni tashkil etish yo‘nalishidagi ishlarni faollashtirishni taklif qildi”, - deyilgan xabarda.
O‘zbekiston tomoni Eron va Turkmaniston o‘rtasida temir yo‘l va avtomobil yo‘llari orqali transport aloqalarining tezroq tiklanishi barcha tomonlar uchun manfaatli ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston - Turkmaniston - Eron - Ummon transport yo‘lagining barcha ishtirokchilari bilan Ashxobod bitimi bo‘yicha ishlarni faollashtirishga ham kelishib oldilar.