TOShKENT, 21-may — Sputnik. Turkiston viloyati hokimining o‘rinbosari Saken Kalkamanovning so‘zlariga ko‘ra, Maqtaaral tumanidagi suv toshqinidan zarar ko‘rgan aholi punktlari suvdan to‘liq tozalandi. Sputnik Qozog‘iston xabariga asosan.
"Sizlarga xushxabarim bor. Maqtaaral tumanidagi suv bosgan barcha aholi punktlari suvdan tozalandi. Hokimlik, Qazsuvxo‘j, FVQ, O‘zbekiston Respublikasi harbiy va favqulodda vaziyat xodimlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli qisqa vaqt ichida Sardoba suvi zovurlar va kollektorlar o‘zanlariga yo‘naltirildi, bu esa aholining normal hayotga qaytishiga imkon berdi", - deb yozdi hokim o‘rinbosari Facebook’dagi sahifasida.
Birinchi may kuni O‘zbekiston Sirdaryo viloyati Sardoba suv omborining to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida Qozog‘istonning bir nechta qishlog‘ini ham suv bosdi. Mingdan ziyon uy, maktablar, bog‘chalar va shifoxonalar suv ostida qoldi. Aholi punktlaridan 31 ming kishi evakutsiya qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardobadagi texnogen ofat tufayli Qozog‘istonning janubiy qismidagi hududlar ham zarar ko‘rgani, O‘zbekiston hukumati tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shni davlat bilan yaqindan hamkorlik qilishini aytib o‘tgandi.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining 200 ortiq xodimi zarur texnika bilan toshqin oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumaniga yuborilgandi.
10 may kuni Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan Turkiston viloyati Maqtaaral tumanining Mirkakent posolkasida uchrashgandi. Ular mahalliy aholi bilan uchrashib, birinchi uy-joy qurilishiga tamal toshi qo‘yishdi.
Mirzakentda suv toshqinidan zarar ko‘rgan Jenis, Janaturmis va Dostik aholi punktlarining 500 ta oilasi uchun uy-joy, maktab, bolalar bog‘chasini qurish rejalashtirilmoqda. Qurilish ishlari O‘zbekiston va Qozog‘iston mutaxassislari bilan birgalikda olib boriladi.