TOShKENT, 15-may — Sputnik. 2020 yil 15-may soat 19:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2682 nafarni tashkil qilmoqda. Bir sutka davomida 37 ta yangi holat tasdiqlandi.
Tuzalish sur’ati
Bugun kun davomida Namangan viloyatida 5 (ular orasida 3 yoshli qizaloq ham bor), Samarqand viloyatida 15 va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib chiqdi. Ularning barchasi reabilitatsiyaga kuzatildi.
Shu tariqa, ayni paytda mamlakatda 2158 nafar fuqaro koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayib ketgan va sog‘ayish ko‘rsatkichi 80 foizni tashkil qilmoqda. Bugungi kunda 513 nafar bemor davolanmoqda.
Karantin uzaytirildi, ammo...
Maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston hududida koronavirus bo‘yicha karantin 1-iyunga qadar uzaytirildi.
Shu bilan birga 2020-yil 15-maydan boshlab
- “qizil” toifadagi hududlarda yakka tartibdagi hunarmandchilik, avtomobillarga va qishloq xo‘jalik mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatish, elektron qurilmalarni va aloqa vositalarini ta’mirlash; ijara va lizing xizmatlari, buxgalteriya sohasiga oid xizmatlar ko‘rsatish;
- “sariq” toifadagi hududlarda “qizil” toifadagi hududlarga qo‘shimcha ravishda rieltorlik faoliyati, xususiy bandlik agentliklari faoliyati, mehmonxonalarga o‘z oshxonalarida ovqat pishirish hamda xonalarga yetkazib berish, park va istirohat bog‘lari (attraksionalar, ko‘ngilochar obyektlar hamda tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari faoliyati bundan mustasno) faoliyati;
- “yashil” toifadagi hududlarda “sariq” va “qizil” toifadagi hududlarga qo‘shimcha ravishda ochiq sun’iy qoplamali sport o‘yingohlari, muzeylar faoliyatiga ruxsat berilmoqda.
Shaharlararo avia va temir yo‘l qatnovlari qisman tiklanadi
2020 yil 18-may kunidan boshlab
- Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni (borish va qaytish) tiklash;
- Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovini (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Uzbekistan Airways qayta tiklanayotgan parvozlar jadvalini e’lon qilishga ulgurdi.
Shu bilan birga, avia va temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi.
Samaradagi vaziyat
Rossiya-Qozog‘iston chegarasi yaqinida Samara viloyati hududida to‘planib qolgan 600dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari uchun "observatsiya lageri" tashkillashtirildi.
Ma’lum bo‘lishicha bir necha yuz nafar O‘zbekiston fuqarolari shaxsiy avtomobillarda va avtobuslarda, chegaralar ochilishi to‘g‘risidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarga asosan, Samara viloyati, Bolshechnerigovskiy tumanidagi Qozog‘iston bilan chegara hududiga etib borgan va "Mashtakovo" hamda "Sagarchinsk" chegara-nazorat punktlari yonida to‘planib qolishgan.
Vaziyat elchixona nazorati ostida ekanligi ma’lum qilindi.
SSV shifokorni himoyasiga oldi
Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqandda 34 kishiga virus yuqtirgani uchun jinoiy ish ochilgan shifokorni himoyasiga olib, bosh prokurorga murojaat yo‘lladi. Vazirlik shifokorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish lozim deb hisoblaydi.
Ta’kidlanishicha, tibbiyot xodimi X.D. koronavirusni juda katta ehtimol bilan bemorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuqtirib olgan. U koronavirus yuqtirib olganligini joriy yil 28-aprel kuni topshirgan testi natijalari aniq bo‘lganidan keyingina bilgan va darhol davolanish uchun yotqizilgan.
Vazir Alisher Shadmanov bosh prokurorga jinoyat ishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishni so‘rab, allaqachon murojaat yo‘llagan.
Osh hammaga yetadi
O‘zbekistonning Moskvadagi diplomatik vakolatxonalari 14-may kuni vatandoshlar ko‘magi bilan ikkita katta qozonda palov tayyorlab, "Rahmat!" xayriya tadbirini o‘tkazdilar.
"Hayotni saqlab qolganingiz uchun tashakkur!" shiori ostida mazali taomlarning bir qismi Moskvadagi turli tibbiyot muassasalarida ishlaydigan ko‘plab shifokorlarga topshirildi.
"O‘z-o‘zini yakkalash tartibiga amal qilganingiz uchun tashakkur!" shiori ostida ayni Rossiya poytaxtidagi yotoqxonalarida O‘zbekistonga charter parvozlarni kutayotgan o‘zbekistonliklarga ham sovg‘a qilindi.
Tabiiyki, barcha sanitar qoidalarga rioya qilingan holda.
COVID-19ning dunyo bo‘ylab yurishi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 188 mamlakatida 4,2 milliondan ziyod koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilgan. Shundan 294 mingdan ziyodi qurbon bo‘lgan. Yaxshi xabar ham bor: 1,7 milliondan ziyod kishi ushbu virusni matonat bilan yengishga muvaffaq bo‘lgan.