TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekistonda yana 30 kishining koronavirusga topshirgan testi musbat chiqdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
“2020 yil 15-may soat 19:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2682 nafarni tashkil qilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Yangi koronavirus holati 5 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisida aniqlangan. Ular 13-may kuni Qozog‘istondan va Rossiyadan kelgan.
25 nafar fuqaroning kasallanish holati esa oldin kasalligi tasdiqlangan 11 nafar bemor bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasidan aniqlandi. Ularning 23 nafari Samarqand viloyatidan, 2 nafari Toshkent shahridan.
Ayni paytda mamlakatda 2158 nafar fuqaro koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayib ketgan va sog‘ayish ko‘rsatkichi 80 foizni tashkil qilmoqda. Bugungi kunda 513 nafar bemor davolanmoqda.