TOShKENT, 14-may — Sputnik. O‘zbekistonda “yashil” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda fuqarolar qabuliga ruxsat beriladi. 2020-yil 12-may kuni Oliy sud Rayosatining tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qarorga muvofiq “qizil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda fuqarolarning shaxsiy qabuli to‘xtatib turiladi hamda fuqarolarga hujjatlarni sudlarga faqat elektron shaklda yoki pochta orqali yuborish tavsiya etiladi.
Shuningdek, “qizil” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlar tomonidan faqat epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarga doir hamda boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlar ko‘rilishi belgilangan. Sudlar sud buyrug‘i tartibidagi ishlarni (aliment undirish va boshqalar) ham ko‘rishi mumkin.
“Yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda barcha ishlarning belgilangan tartibda ko‘rilishiga ruxsat beriladi.
Barcha sudlarda (toifa hududidan qat’i nazar):
- sudya va mutaxassislar tomonidan ijtimoiy masofani (2 metrni) saqlagan, tibbiy niqob va antiseptik vositalaridan foydalangan holda faoliyat yuritishini ta’minlash;
- barcha turdagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazmaslik (sudlar faoliyati bilan bog‘liq videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan yig‘ilishlar bundan mustasno);
- sud binolariga kirish-chiqish joylarini pirometr va antiseptik vositalar bilan ta’minlash, sud muhokamasiga kelgan har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, niqobsiz va tana harorati 37°S va undan yuqori bo‘lgan holatda, sud binosiga kiritmaslik kabi majburiy talablarga qat’iy rioya etish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, COVID-19 tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakat sudlarida fuqarolarning shaxsiy qabuli, sud jarayonlari va sayyor sud majlislari vaqtincha to‘xtatilgan edi.