TOShKENT, 9-may - Sputnik. Sirdaryo viloyatida suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish tadbirlari davom etmoqda. Yo‘qolgan 3 517 pasportdan 482 tasi, 61 ta haydovchilik guvohnomadan 11 tasi qayta tiklandi, deb xabar berdi FVV.
Xabarda aytilishicha, viloyatda toshqin oqibatida zarar ko‘rgan uylar, ijtimoiy binolar yana qayta tiklanmoqda. Yashash uchun yaroqsiz uylar buzilib, joylarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tiklash choralari ko‘rilmoqda.
Ushbu hududlarda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining kuch va vositalari tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur tadbirlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.
"71 307 nafar aholi Oqoltin, Mirzabod va Sardoba tumanidagi xonadonlariga qaytib keldi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan 343 vayron bo‘lgan uylarda tozalash ishlari olib borilgan bo‘lsa, prokuratura vakillari 6107 ta kadastr hujjatlaridan 3338 tasi qayta tiklashga erishgan.
Umumiy maydoni 1 213,796 kvadrat metr bo‘lgan 1604 obyektda Mudofaa vazirligining 8 ta maxsus bo‘linmasi tomonidan dezinfeksiya ishlari olib borilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda 1-may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘oni piketlaridan birining yorilib ketishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelgan edi. 70 mingga yaqin aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan va kamida 56 kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan edi.