TOShKENT, 6-may — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van I bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy va yuqori darajadagi tadbirlarning jadvali va kun tartibi muhokama qilindi.
TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida tashqi siyosat idoralari rahbarlari ko‘p tomonlama O‘zbekiston-Xitoy strategik sherikligini yanada mustahkamlashning muhimligini qayd etdilar.
Ta’kidlanishicha, epidemiologik holatning yaxshilanishi bilan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini, Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining sohaviy kichik qo‘mitalari yig‘ilishlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Karantin cheklovlari sharoitida ikki tomonlama aloqalarning dolzarb jabhalarini muhokama qilish uchun hamkorlikning yangi formatlaridan faol foydalanishga kelishib olindi.
Vazirlar koronavirus infeksiyasi pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, ular Afg‘onistonda tinchlik muzokaralar jarayonini boshlashga ko‘maklashish mexanizmlarini ham alohida ko‘rib chiqdilar.
BMT, ShHT va boshqa xalqaro strukturalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.