TOShKENT, 6-may — Sputnik. Rossiyaning Selectel yetakchi bulutli provayderi O‘zbekistonda biznesni raqamlashtirishda ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri. Loyiha uch yilga mo‘ljallangan va uning qiymati bir million dollar atrofida.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Selectel bulutli platformasi mahalliylashtirilgan ilk mamlakat bo‘ldi.
“Biz O‘zbekistonni ilk tashqi bozor sifatida tanladik, chunki mamlakatning iqtisodiy salohiyatini va hukumatning raqamli davlat va iqtisodiyot qurishga intilishlarini ko‘rib turibmiz. Bulutli texnologiyalar ushbu jarayonning ajralmas qismi hisoblanadi. Biz Selectel yechimlari nafaqat shiddat bilan rivojlanayotgan IT-sanoatida, balki O‘zbekiston uchun an’anaviy biznes sohalarida ham talabgir bo‘lishiga ishonamiz”, - dedi Selectel bosh direktori Oleg Lyubimov.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Selectel Office ofis dasturlari va ko‘p funksiyali SelectelChat messenjeri, ya’ni, qulay va samarali ishlarni tashkil qilish uchun biznes-ilova mavjud. Iyul oyiga qadar Selectel bulutli platformasi ishga tushiriladi. Bu har qanday miqyos va murakkablikdagi raqamli mahsulotlar uchun tez va arzon infratuzilmani yaratishga imkon beradi.
Ma’lumot uchun: Selectel - bulutli xizmatlarni va ma’lumotlar markazi xizmatlarini taqdim etuvchi Rossiya provayderi. Kompaniya CNews Analytics tomonidan tuzilgan Rossiyadagi yuzta eng yirik IT-kompaniyalar reytingiga va bulutli infratuzilma ta’minotchilarining ilk beshtaligiga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev qarori bilan 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab davlat organlari va ularning bo‘linmalari orasida hujjat aylanishi va hisobotlar - faqat elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi belgilangan.