O‘zbekistonda karantin choralari yumshatilmoqda. Hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga qo‘shimcha ravishda xizmat ko‘rsatish subyektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.
Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Lekin, koronavirus to‘la bartaraf bo‘lmagani sababli, odamlar ko‘p to‘planadigan obyektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar ma’lum muddatgacha saqlanib qoladi.
Respublika komissiyasiga xizmat ko‘rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo‘lga qo‘yishni belgilash topshirilgan.
Shuningdek, karantin choralari yengillashtiriladigan hududlar alohida belgilanadi. Tumanlar va shaharlar “qizil” (yuqori xavfli), “sariq” (o‘rta xavfli) va “yashil” (xavfsiz) hududlarga ajratiladi.