TOShKENT, 2-may - Sputnik. Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to‘g‘oni piketlaridan biri buzilib, suv toshqini yuz berganidan so‘ng o‘nlab fuqarolar tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan, deb xabar berdi FVV matbuot xizmati.
"Suv ombori atrofida - Qo‘rg‘ontepa va Do‘stlik aholi punktlarida yashab kelayotgan 70 mingga yaqin kishi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinib, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirilgan. 17,3 ming kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan", - deyiladi xabarda.
Hozirgi vaqtda favqulodda vaziyat oqibatida 56 nafar fuqaro turli xil jarohatlar bilan kasalxonalarga yotqizilgani haqida ma’lumot berilgan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha erta tongda, Sardoba suv omboridagi to‘g‘ondan suv siza boshlagani, aholining bir qismi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan evakuatsiya qilingani haqida xabarlar tarqaldi.
So‘ngra Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgani ma’lum bo‘ldi.
Suv omboridagi avariyadan so‘ng voqea joyiga zudlik bilan prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Abdulla Aripov yetib borgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Sirdaryo viloyatida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari 1-may kuni Oqoltin tumanida aholi bilan bo‘lgan muloqotda "sharoit yaxshilanmagunicha, rahbarlarning birortasi, men bosh, hech qayerga ketmaydi", deb aytgan.
Ta’kidlashlaricha, avariyaga kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lgan.
Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat yuzasidan FVVda koll-sentr faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘ng‘iroqlar 1205 va 1250 qisqa telefon raqamlari orqali qabul qilinmoqda.