TOShKENT, 1-may - Sputnik. Sirdaryodagi Sardoba suv omboridan suv chiqish to‘xtadi deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
"Ayni vaqtda “Sardoba” suv omboridan suv chiqish hodisasi to‘xtaganligi haqida ma’lum qilindi. Sardobada sodir bo‘lgan suv toshqini viloyatning boshqa hududlarida kuzatilmagan. Hukumat komissiyasi tomonidan suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish, evakuatsiya qilingan aholiga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qator choralar ko‘rilmoqda", - deyilgan xabarda.
Biroz oldin FVV toshqin oqibatlarini bartaraf etish maqsadida uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilganini xabar qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, bugun 1-may kuni soat 05:55da “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan va Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga, Mirzaobod tumanidagi “Navbahor”, “Haqiqat” va “Bahoriston” MFYlari aholi yashash punktlariga qisman suv kirgan.
Oqibatda "Qo‘rg‘ontepa", "Do‘stlik", "Yurtdosh" MFYlardan jami 11598 nafar aholi xavfsiz joyga ko‘chirilgani haqida xabar qilingan edi.
Keyinroq Oqoltin tumanidagi “Ahillik”, “Shodlik”, “Saxovat”, “Navoiy”, “Do‘stlik”, “Ko‘rkamdiyor”, “Toshkent”, “Yangihayot”, “Obod” va “Mustahkam” MFYlarining aholisi Jizzax viloyati Gagarin shaharchasiga vaqtinchalik ko‘chirildi. Aholiga 6000 dona niqob, 80 dona antiseptik vosita, 200 juft bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari tarqatildi.
Bundan tashqari, Sardoba shaharchasidagi aholini ham Jizzax viloyati Gagarin aholi yashash punktiga evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Mirzaobod tumanidagi “Beruniy”, “Paxtaobod”, “Baliqchi”, “Haqiqat”, “Bahoriston”, “Yangiovul” va “Do‘ngariq” MFYlari aholisi suv toshish xavfi bo‘lgani uchun Yangiyer shahriga evakuatsiya qilinmoqda.