O‘zbekistonda karantin rejimi yumshatilmoqda

Obuna bo‘lish
Vaziyat yaxshilanib, ijobiy tomonga o‘zgarib borishi bilan, 10-maydan keyin, O‘zbekiston karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarni yanada dadilroq davom ettirishi kutilmoqda

TOShKENT, 30 apr - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikada sanitar-epidemiologik vaziyat asta-sekin barqarorlashib borayotganini hisobga olib, karantindan bosqichma-bosqich chiqish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni qo‘yish vaqti kelganini aytdi. "Chunki hayot davom etmoqda. Biz ertangi kun haqida, el-yurtimizning kelajagi to‘g‘risida har daqiqa o‘ylashimiz kerak", dedi prezident.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatining ayrim tumanida karantin bosqichma-bosqich yumshatiladi

Uy atrofida sayr qilishga ruxsat berildi

Xususan, sanitariya-epidemiologiya holatining ijobiy dinamikasi, ob-havo sharoiti va fuqarolarning ko‘plab murojaatlarini inobatga olgan holda, shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning ichki hovli va hududlarida ota-onalar hamrohligida bolalarini sayr qildirishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan. Bunda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish talab etiladi.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga ushbu topshiriqning ijrosini so‘zsiz ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Toshkent shahri bu borada namuna bo‘lishi kerakligi aytildi.

Viloyatlararo qatnov qayta tiklanmoqda

Pishib yetilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nobud bo‘lishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va ko‘kat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish uchun viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berish lozimligi qayd etildi.

Noviy sort kartofelya. - Sputnik O‘zbekiston
Jahonda oziq-ovqat tovarlari narxi oshib borayotgan bir vaqtda O‘zbekiston qanday yo‘l tutadi?

Misol uchun, ilgari Farg‘ona vodiysidan Qamchiq dovoni orqali poytaxt va boshqa viloyatlarga katta hajmda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilar edi. Hozir bu yo‘l yopib qo‘yilgan. Yoki Samarqand viloyatidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Zarafshon shahri va boshqa hududlarga ko‘plab mahsulotlar olib borilar edi. Bu ishlar ham hozir to‘xtab turibdi. Shuning uchun Bosh prokuror boshchiligidagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash komissiyasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylarga yetkazib berish bo‘yicha 24 soat ishlaydigan uzluksiz tizim tashkil etish topshirildi.

Ichki ishlar vazirligi dehqon va fermer xo‘jaliklarining avtotransport vositalarini hududlararo postlarda kutib olish, ularni tashkil etilgan yarmarkalar va savdo nuqtalariga tartib bilan kuzatib borishni ta’minlaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligiga sotish uchun olib kelinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylarda aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, savdo maydonchalari, yarmarka va bozorlarga yo‘naltirib borish yuklatildi.

Shaxsiy avtotransportda yurishga ruxsat berildi

Prezident aholi orasida kasallikka chalinish dinamikasi pasayib borayotganini inobatga olib, fuqarolar tomonidan shaxsiy avtotransportdan foydalanishga cheklovlarni ham sekin-asta yumshatish maqsadga muvofiq, deb hisoblashini ta’kidladi.

Avtomobilnoe dvijenie v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston
Fuqarolarga muayan vaqtlarda shaxsiy avtomobillardan foydalanishga ruxsat beriladi

Respublika komissiyasi tegishli cheklovlar o‘rnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat berilishini ta’minlanadi.

Bunda: shaxsiy avtotransportdan, birinchi navbatda, fuqarolarning ish joyiga, tibbiyot muassasalariga borishi va uyiga qaytishi, iste’mol mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlarni xarid qilishi uchun foydalanishi;

maxsus ruxsatnomalarga (stikerlarga) ega va yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan fuqarolar esa shaxsiy avtotransportda hech qanday cheklovsiz harakatlanishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, olimlarga, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlariga, professor-o‘qituvchilarga sanitariya-gigiyena normalarini ta’minlagan holda o‘z laboratoriya va kafedralarida kundalik ishlarini davom ettirishlariga ijozat berish ko‘zda tutilgan.

"Albatta, vaziyatimiz yaxshilanib, ijobiy tomonga o‘zgarib borishi bilan, 10-maydan keyin biz karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarimizni yanada dadilroq davom ettiramiz. Lekin takror va takror aytaman: hamma joyda sanitariya talablariga amal qilishga birinchi darajali masala deb qarashimiz kerak", - dedi Mirziyoyev.

Yangiliklar lentasi
0