TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Bugun, 30-aprel kuni O‘zbekistonda 37 bemor koronavirusdan forig‘ bo‘ldi. Andijonda tuzalgan bemorlar orasida 84 yoshli onaxon va 2 yoshli bola ham bor. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Kun davomida Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida 6 nafar, shahar 3-sonli tug‘ruq majmuasidan 1 nafar bemor, jami 7 nafar bemor butunlay sog‘aydi.
Shahar 3-sonli tug‘ruq majmuasida tuzalgan 29 yoshli homilador ayol Toshkent shahridan bo‘lib, joriy yil 26-mart kuni Turkiyadan charter reys bilan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur tug‘ruq majmuasiga yotqizilgan. So‘nggi tekshiruvlar unda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi, homilasi esa rivojlanish bosqichida.
Shuningdek, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 5 nafar, Andijon viloyatida 18 nafar, poytaxtdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 5 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 2 nafar bemor koronavirusdan butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.
Andijonda tuzalganlar orasida 84 yoshli onaxon va 2 yoshli bola ham bor. Samarali davolash muolajalaridan keyin so‘nggi tekshiruv natijalari ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.
Shunday qilib, bugun 37 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1133 nafarni tashkil etmoqda. Kasallanishning umumiy soni 2017 ta.