TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, 2020-yil 1-apreldan 2020-yil 1-oktabrga qadar:
- “Mahalla” xayriya jamoat fondiga, “Saxovat va ko‘mak” fondiga, “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga beg‘araz beriladigan:
- pul mablag‘lari va tovarlar (xizmatlar)ga foyda solig‘ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qaraladi;
- tovarlar (xizmatlar) qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solish obyektiga kiritilmaydi;
- ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning ko‘rsatilgan fondlardan, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan beg‘araz yordam (pul mablag‘lari, tovarlar va xizmatlar)ga jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi;
- jismoniy shaxslarga turar joylarini jismoniy shaxslarga va koronavirus pandemiyasi davrida faoliyati to‘xtagan tadbirkorlik subyektlariga noturar joylarni ijaraga berishdan olingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromadlar bo‘yicha soliqni foizsiz kechiktirib to‘lash huquqi beriladi. Bunda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash bo‘yicha berilgan kechiktirish summasi 2021-yil 1-aprelga qadar muddatgacha teng ulushlarda to‘lanishi lozim;
- lizing korxonalari tomonidan hisoblangan va kechiktirilgan lizing bo‘yicha foiz daromadlari summasi foyda solig‘ini hisoblashda kechiktirish berilgan davrdagi jami daromad tarkibiga kiritilmaydi;
- tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash Davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish tartibi tadbirkorlik subyektlarining amaldagi kredit shartnomalariga ham tatbiq qilinadi.
Hujjatga muvofiq, 2020-yilda xodimga to‘lanadigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydigan moddiy yordam summasi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 4,22 baravaridan 7,5 baravarigacha oshiriladi.
Prezidentning 3-apreldagi farmoni bilan pandemiya oqibatlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va akka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliqlarni to‘lash bo‘yicha foizsiz kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berish muddati 1-oktabrgacha kechiktirilgan edi. Yangi farmon bilan mazkur muddat 31-dekabrgacha uzaytiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berilgan va kelgusida to‘lanadigan soliq summalarini to‘lash bo‘yicha muddatni mustaqil ravishda, biroq ikki yildan oshirmasdan belgilash huquqiga ega.
