Mirziyoyev geologiya ishlari hajmini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev  - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

TOShKENT, 27 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentda Geologiya fanlari universiteti ochiladi

Unda mazkur ishlar hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalar jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yil yakuniga qadar oltin va kumush resurslari, mis va 8 turdagi noruda boyliklari zaxiralarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun texnikalarni yangilashni davom ettirish kerak. Masalan, zamonaviy uskunalarni qo‘llash hisobiga burg‘ilash chuqurligini 800 metrdan 1200 metrga yetkazish, ish samaradorligini esa 1,7 baravarga ko‘paytirish mumkin.

Joriy yilda geofizika, burg‘ilash, tog‘-kon va laboratoriyada qo‘llaniladigan 385 ta uskunani modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Yil yakuniga qadar uglevodorodga istiqbolli 16 ta maydonni aniqlash, 23 ta yangi kon zaxiralarini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.

Sohaning investitsion jozibadorligini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, davlat rahbari buning uchun xalqaro standartlarni joriy etish kerakligini ta’kidladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, geologlarni JORC standartlari bo‘yicha ma’lumot tayyorlashga o‘qitish muhimligi qayd etildi.

O‘zlashtirish uchun tayyor 20 ta konga tajribali investorlarni jalb qilish, boshqa istiqbolli maydonlar bo‘yicha sarmoyaviy loyihalarni shakllantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Geologiya sohasi qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, quduqlar qazish uchun har bir tumanga maxsus texnikalar yetkazilishi belgilangan.

Yig‘ilishda 3 ming gektarga suv chiqarish uchun 70 ta quduq burg‘ilash bo‘yicha vazifa qo‘yildi. Shuningdek, joriy yilda 200 ta yangi quduqda suv sarfini, 400 ta quduqda yer osti suv sathini onlayn monitoring qiladigan tizim joriy etish hamda yer osti suvlari interaktiv xaritasini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Geolog provodit proverku kamennoy porodi - Sputnik O‘zbekiston
Geologiya qo‘mitasiga neft va gaz konlarini  qidirish topshirildi

Geologiya rivojida fundamental, ilmiy, innovatsion va amaliy tadqiqotlarning o‘rni katta. Shu bois yil yakunigacha 2,5 ming kvadrat kilometr maydonni kosmik tasvirlar orqali, 5 ming kvadrat kilometr maydonni aerogeofizika usuli orqali geologik o‘rganish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Joriy yil 24-yanvarda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada hamda 31-yanvar kuni ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda davlat rahbari geologiya sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirishga doir qator istiqbolli vazifalarni belgilab bergan edi.

Shu asosda Geologiya fanlari universitetini tashkil etish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Uning o‘quv dasturlari Sankt-Peterburg konchilik universiteti va boshqa xorijiy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasi yordamida ishlab chiqilmoqda.

Bugungi yig‘ilishda yangi universitet qoshida Geologiya muzeyini tashkil etish va uning faoliyatini o‘quv jarayoniga bog‘lash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi topshiriqlarni bajarishga qaratilgan rejalar yuzasidan axborot berdi. 

Yangiliklar lentasi
0