TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Singapur texnologiyalar va dizayn universiteti (SUTD) tadqiqotchilari Sobiq ittifoq davlatlari hududida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat hammadan oldin O‘zbekistonda – 2020-yil 24-mayga kelib yakunlanishini taxmin qilishdi. Bu haqda RIA Novosti SUTD innovatsiyalar laboratoriyasi tomonidan e’lon qilingan hisobotga tayangan holda xabar qilmoqda.
Hisobotda keltirilishicha, Gruziya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Moldovada 6, 14, 18 va 25-iyunda, Ukrainada esa 28-iyulda COVID-19 tarqalishi yakunlanadi.
Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Belarus va Armanistonda koronavirus tarqalishi 14 va 20-avgustga kelib o‘z nihoyasiga yetadi. Taxminga ko‘ra, Qozog‘istonda esa epidemiya faqat 27-sentabrga kelib ortda qoladi.
Tojikiston va Turkmaniston tadqiqotchilar ro‘yxatiga kiritilmagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davlatlarda COVID-19 bilan kasallanish holati qayd etilmagan.
Tadqiqotchilar koronavirusga oid ma’lumotlarni 131 ta mamlakat bo‘yicha o‘rganishgan. Taxminni tuzish uchun, xususan, SIR-model – infeksiya tarqalishining matematika modelidan foydalanilgan. Modelda virus yuqtirib olganlar, tuzalganlar, kasallikka moyillik sur’ati bayon qilingan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1887 ta koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilgan. Shulardan 880 nafari tuzalib ketgan. Faqat 8 kishi virus qurboniga aylangan.