TOShKENT, 23 apr - Sputnik. Toshkent shahri Zangiota tumanida ikkita 10 ming o‘rinli virusologiya shifoxonasi qurilmoqda, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi ikki mingta o‘rin ishga tushirilishi kutilmoqda. Shu yilning 23-mart kuni qurilishi boshlangan Zangiota karantin hududidagi maxsus virusologiya kompleksining umumiy maydoni - 130 ga ni tashkil qiladi.
Uning 5 ming o‘rinli binolari "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati bunyodkorlari tomonidan barpo etilmoqda.
Karantin hududini yaratishda barcha sanitar-gigiyenik normalar hisobga olingan. Qurilish ishlari 3 smenada tashkil qilingan bo‘lib, 2 ming nafarga yaqin quruvchilar faoliyat olib borishmoqda.
Ularga ishlash va dam olish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Ishchilarning bir qismi xonalar ta’miri bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, yana bir guruhi tomni yopishga kirishgan.
Mingdan ziyod maxsus texnikalar hududga qurilish ashyolari, zarur mahsulotlarni uzluksiz tashimoqda.
Maskan qisqa fursatda foydalanishga topshiriladi, sanasi hozircha noma’lum.