TOShKENT, 23 apr — Sputnik. Moskvada COVID-19 pandemiyasi tufayli xorijliklarga 15-iyungacha patentsiz ishlashga ruxsat berildi. Bu haqda Moskva IIBB xabar qildi.
Shuningdek, migrantlarga vaqtincha avval berilgan patentlar uchun oylik to‘lovini to‘lamaslik mumkin.
Bundan avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasida xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning COVID-19 tarqalishi munosabati bilan huquqiy holatini tartibga soluvchi vaqtinchalik chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Hujjatga muvofiq, chet elliklarning mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddati 15-iyungacha uzaytirildi.
Shuningdek, Rossiyada ishsiz qolgan migrantlarni Rossiya fuqarolari bilan ishsizlik nafaqasi va boshqa qator imtiyozlarni olish bo‘yicha tenglashtirish tashabbusi bilan chiqishdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 57 mingdan ortiq koronavirus holati qayd etilgan, 4 mingdan ortiq fuqaro tuzaldi, 513 kishi vafot etdi.