TOShKENT, 18 apr - Sputnik. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida qator tayinlovlar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
O‘zbekiston prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati tuzilmasiga qo‘shimcha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori lavozimi kiritildi.
Shunga asosan, prezident qarori bilan Bahodir Yusupaliyev O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Shu vaqtgacha u Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Botirjon Qurbonov O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Ayni paytgacha ushbu agentlik direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Bahrom Almatov Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.