TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Yana 32 nafar o‘zbekistonlikda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
“2020 yil 12-aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 865 nafarni tashkil qilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Avvalroq O‘zbekistonda 24 kishi ushbu kasallikni yengishga muvaffaq bo‘lgani xabar qilingan edi. Mamlakatda koronavirus bilan kasallanib undan tuzalib ketganlar 66 kishini tashkil qilmoqda. 4 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi COVID-19 koronavirusi infeksiyasi tarqalishini pandemiya deb tan oldi. 12-aprel holatiga ko‘ra, dunyoda koronavirus yuqtirib olganlar soni 1,7 milliondan ziyod kishini tashkil etmoqda. Ushbu infeksiyani 405 791 kishi yengishga muvaffaq bo‘lgan. 108 mingdan ziyod kishi koronavirus qurboniga aylangan.