TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Buxoroda to‘rt, Xorazmda bir nafar bemor koronavirusdan butunlay sog‘ayib ketdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qildi.
“Endilikda ularning safiga Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi ham qo‘shildi. Ushbu tibbiyot muassasasining fidoyi va jonkuyar shifokorlari sa’y-harakati o‘zining dastlabki samarasini berib, 4 nafar bemor butunlay sog‘ayishdi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi”, - deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, tuzalganlarning ikki nafari (biri Andijondan, yana biri esa Toshkent viloyatidan) Turkiyadan Buxoroga kelgan bo‘lib, joriy yil 26-mart kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi.
Yana farg‘onalik ikki nafar fuqaro esa charter reys orqali Rossiyadan Buxoroga kelishgach, ularda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangandi.
Xorazm viloyatida yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham koronavirus infeksiyasiga chalingan yana bir nafar bemor butunlay sog‘ayib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Sog‘aygan bemor surxondaryolik bo‘lib, joriy yil Rossiyadan charter reysda Urganchga kelgach, 25-mart kuni unda koronavirus infeksiyasi aniqlangan va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi.
Shu tariqa, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanib undan to‘liq tuzalganlar soni 66 nafarga yetdi.