TOShKENT, 8 apr - Sputnik. Afg‘oniston hukumati "Tolibon"* harakati bilan bitim imzolashdan voz kechgudek bo‘lsa, Vashington mamlakatdan amerika qo‘shinlarini olib chiqishi mumkin, deya afg‘on hukumatini ogohlantirdi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
Bu haqda NBC telekanali ma’lumotiga tayangan holda RIA Novosti xabar bermoqda.
Pompeo 23-mart kuni oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Qobulga kelgan va mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashgan edi. Ertasi kuni davlat kotibi Vashingtonning Qobulga yordami milliard dollarga qisqarayotgani haqida bayonot berdi.
Fevral oyi oxirida Qatarda AQSh va "Tolibon"* harakati 18-yildan buyon davom etayotgan urushdan keyin ilk marotaba tinchlik bitimini imzoladi. Ushbu kelishuv islom respublikasidan 14 oy ichida chet el qo‘shinlarini olib chiqishni va asirlar bilan o‘zaro almashuvdan so‘ng afg‘onlararo muloqot boshlanishini nazarda tutadi.
Amerika tomoni ushbu davlatda harbiy xizmatchilar sonini 8,6 mingtagacha kamaytirish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hukumati "Tolibon" rahbariyati ushbu kelishuvni bajarish uchun bosh imkoniyatni ishga solganiga ishonadi.
* Rossiyada ta’qiqlangan terroristik tashkilot