TOShKENT, 8 apr - Sputnik. Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol ko‘rsatdi.
8 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabni to‘liq ta’minlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Xususan, O‘zbekiston rahbari bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Xonadonlarda ixcham issiqxonalar qurish ham muhim. Bugungi kunda tomorqalarda jami 4 ming gektar yengil konstruksiyali issiqxonalar mavjud bo‘lib, ularda yiliga uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Lekin ko‘plab tumanlarda bu masalaga yetarlicha e’tibor berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida har bir sektor hududida kamida 100 tadan xonadonda 1-1,5 sotixli issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Tomorqa obodligi, albatta, suvga bog‘liq. O‘tgan yili joylarda 233 ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv ta’minoti yaxshilangan edi.
Hozirda esa Jondor, Shofirkon, Baxmal, Forish, G‘uzor, Chiroqchi, Nurota, Qo‘shrabot, Urgut, Xovos, Bekobod, Yozyovon, Qo‘shko‘pir kabi tumanlarning aksariyat qishloqlarida suv ta’minoti og‘ir bo‘lib qolmoqda.
Shu bois Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv ta’minoti yaxshi bo‘lmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirib, kam ta’minlangan oilalarni band qilish bo‘yicha tizim yaxshi samara bermoqda. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bu borada 31 ta kooperativ tashkil etilib, 1 ming 600 nafar ishsiz fuqaro bandligi ta’minlandi. Bunday kooperativlar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘armasidan 50 milliard so‘m ajratilgan.
Yig‘ilishda bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, kambag‘allikni va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Kooperativga a’zo bo‘lgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamg‘armasidan mahsulot yetishtirish xarajatlari uchun 24 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Kam ta’minlangan, qarovchisi bo‘lmagan oilalarga mevali ko‘chatlar, sabzavot urug‘lari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.
Tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak.
Shuning uchun tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi ma’lum qilindi.
Bu borada mutasaddi rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi. Tomorqalar holatini dronlar orqali monitoring qilish hamda ulardan unumli foydalanish uchun har bir sektor kesimida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.