TOShKENT, 6 apr — Sputnik. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov “O‘zbekiston 24” kanalida mamlakatda COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlardan boshqa shaxslarga yuqish holatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, asosan xorijda ishlovchi fuqarolar O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng oila a’zolariga kasallikni yuqtirgan. Shodmonov bir qator misollarni keltirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 15-mart kuni xorijdan kelgan fuqaro 15 nafar shaxsga kasallikni yuqtirgan.
“27 mart kuni Andijonda kasalligi aniqlangan shaxsdan ota-onasiga koronavirus yuqqan. Uning otasi yana 36 hamkasbiga koronavirusni o‘tkazgan. Hamkasblaridan biri 4 nafar qarindoshiga yuqtirgan. Undan tashqari yana muloqotda bo‘lganlardan 3 kishiga kasallik o‘tgan. Birgina odamdan 46 nafar odamga koronavirus tarqagan. Afsuski, bu bemorimiz kasallik belgilari boshlangan bo‘lishiga qaramasdan (shifokorlarga – Tahr.) murojaat etmagan”, - deydi Shodmonov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi bemor turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyaga borib kelgan, bir necha kishiga virusni yuqtirgan.
“Ular 8 nafar oilasi a’zosiga kasallikni yuqtirgan. Eng achinarlisi, ota-onasi va 7 va 8 yashar bolalariga ham yuqtirgan. Barchasini hozir davolayapmiz”, - dedi vazir.
Shuningdek, Shodmonov koronavirus tarqalishiga sababchi bo‘lgan Toshkent viloyatidan bo‘lgan bemor haqida ma’lumot berdi.
“Toshkent viloyatidagi yana bir bemorimiz esa 26-martda kasallik boshlanganiga qaramasdan 5 kun mobaynida uyida bo‘lgan. U faqat 30-mart kuni shifokorlarga murojaat qilgan va uni davolashga oldik. Ayni vaqtda bemorni sun’iy nafas beruvchi (IVL) apparatiga ulab qo‘yishga majbur bo‘ldik. Uning ahvoli o‘ta og‘ir”, - dedi SSV rahbari.
Toshkent viloyatidagi boshqa bir bemor esa yo‘talish, tana haroratining ko‘tarilishi va hatto nafas olishda qiyinchiliklar paydo bo‘lishiga qaramay to‘rtta tashkilotga borgan.
“Biz majbur bo‘ldik o‘sha tashkilotlarning barchasini yopishga. Buning orqasidan 52 kishi ushbu kasallikni yuqtirdi”, - dedi Shodmonov.
Vaziring ma’lum qilishicha, yana bir bemor uchta tashkilotda ishlayotgan bo‘lgan. U sababli 100 dan ortiq uning hamkasblari kuzatuvga olishgan. Bemor kasallik boshlanganini bilgani holda shuncha odam bilan muloqotda bo‘lgan.
“Bu jinoyat. Bila turib shuncha odamga kasalni yuqtirish xiyonatdir”, - dedi Shodmonov.
Yana bir fuqaro xorijda bo‘lgandan so‘ng 7 nafar oila a’zosiga yuqtirgan. U bilan muloqotda bo‘lgan 153 shaxsni kuzatuvda bo‘lib turibdi. Chunki bemor safardan qaytib kelib tantana qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy hisobda 7 mamlakatdan kirib kelgan 123 kishi va ular bilan muloqotda bo‘lganlar tufayli bemorlar soni 390 nafarga yetgan.
“Eng yomoni — to‘rt nafar bemorimiz kim bilan uchrashganini sir saqlagan. Faqatgina ular bilan muloqotda bo‘lganlarda isitma chiqqandan keyin biz buni bilyapmiz”, - deya qayd etdi vazir.
Shodmonov yana bir misol tariqasida Turkiyadan kelgan er-xotinni keltirdi. Ularda shamollash belgilari bo‘lgan. Ammo ular xorijdan kelganini aytmagan va tibbiyot xodimlarini chalg‘itgan. Keyinchalik test o‘tkazilib koronavirus aniqlangandan keyin kasalni yashirganlarini yig‘lab tan olishgan. Natijada butun oila kasallikka chalingan.
“Afsuski, bemorlar orasida kasallik aniqlangandan so‘ng ham shifokorlarga quloq solmasdan, o‘z bilganini qilib yurganlar uchrab turibdi. O‘zing butun mahallaga yuqtirib bo‘lding, kerak bo‘lsa yashirib yurding, xiyonat qilding, endi hech bo‘lmasa shifoxonaga kelgandan keyin shifokorlarning aytganini qilish kerak emasmi? Yo‘q, manmanlik bilan tavsiyalarga quloq solmasdan yurganlar ham bor. Mana shunday bemorlardan biri hozir IVL apparatiga ulab qo‘yilgan, sun’iy nafas berilyapti”, - deydi vazir.
Sog‘liqni saqlash vaziri fuqarolarga murojaa qilib, ularni sabr qilishga chorladi. Uning ta’kidlashicha, barcha tartib-qoidaga bo‘ysunib, ikki hafta uyda o‘tirsa, hammasi o‘tib ketadi.