TOShKENT, 5 apr — Sputnik. O‘zbekistonda yana 5 bemor koronavirusdan tuzalib ketdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
“Yana besh bemor tuzalib, koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 30 nafarga yetdi”, - deyilgan xabarda.
Tuzalganlar Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.
"Tuzalganlarning kun sayin ko‘payib borayotganida esa, avvalambor, shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarini, shuningdek, boshqa hududlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolayotgan, shu bilan birga, karantinga olingan 100 mingdan ziyod fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olgan barcha-barcha tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi mujassam", — deya ta’kidlangan xabarda.