TOShKENT, 5 apr — Sputnik. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi SOVID-2019 koronavirusi pandemiyasidan jabr ko‘rganlar uchun mablag‘ yig‘ilishini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi tomonidan SOVID-2019 koronavirus infeksiyasining tarqalishi munosabati bilan O‘zbekistondagi aholining zaif qatlamlari hamda xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam berish maqsadida maxsus hisob raqami ochildi”, - deyilgan xabarda.
O‘zbekistonga va o‘zbekistonliklarga yordam berish istagida bo‘lgan xususiy shaxslar va/yoki rasmiy tashkilotlar xayriya mablag‘larini o‘tkazishlari mumkin.
Rekvizitlar mana bu yerda keltirilgan.
Qayd etilishicha, ushbu jarayonning ochiqligi va shaffofligini, shuningdek, kelib tushadigan mablag‘lardan maqsadga muvofiq foydalanilishi haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida, elchixona ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zining rasmiy akkauntlari orqali mablag‘larning ishlatilishi haqida doimiy ravishda batafsil hisobot berib boradi: Facebook: @UzEmbassy.ru; Instagram: @UzEmbassyRussia.
Elchixona xayriya aksiyasiga birinchilardan bo‘lib “Baxt-Tekstil” MChJ ta’sischisi Bahritdin Mo‘minov o‘z hissasini qo‘shganini ma’lum qilib, unga vatandoshlarga og‘ir damda amaliy yordam berishga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildirgan.