TOShKENT, 4 apr - Sputnik. "Taxiatosh" IESda ishlab chiqarish quvvatlari oshirilmoqda, deb xabar qiladi "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ matbuot xizmati.
Xabarda ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash maqsadida bugun 3-aprel kuni “Taxiatosh IES”da 280 MVt quvvatdagi dastlabki bug‘-gaz qurilmasining ishga tushurish jarayoni amalga oshirildi.
"Ushbu yirik investitsion loyiha mamlakatimiz Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi “Taxiyatosh IESda 230-280 MVt quvvatga ega ikkita gaz-bug‘ qurilmalarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bajarilmoqda", - deyiladi vazirlik xabarida.
Loyiha zamonaviy ilg‘or texnologiyalar asosida Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering va Hyundai Engineering & Construction kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.