TOShKENT, 29 sen — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti v. b., bosh vazir Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, mazkur hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi holati bilan yaqindan tanishdi. Safar to‘g‘risidagi reportaj "O‘zbekiston milliy telekanali orqali namoyish etildi.
Shavkat Mirziyoyev Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida bo‘lib, 230-280 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz uskunasining qurilishi bo‘yicha investitsion loyihaning amalga oshirilishi masalasini muhokama qildi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, loyiha mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil 18-iyundagi qarori asosida amalga oshirilayotganini eslatib o‘tdi.
"Mazkur loyihani amalga oshirmasdan turib Qoraqalpog‘iston va Xorazm sanoatini rivojlantirish imkonsiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Prezidentimiz mazkur hudud kelajagi va yoshlarning ish bilan ta’minlanishi uchun 15-20 yilni mo‘ljallagan holda ushbu karorni qabul qilgan. Bu ishni tezlashtirish biz uchun ham qarz, ham farz", — deb ta’kidladi Mirziyoyev "O‘zbekiston" telekanali "Axborot" dasturida.
Shavkat Mirziyoyev Nukus shahri asosiy rejasining amalga oshirilish jarayoni bilan ham tanishdi. Muhokama chog‘ida asosiy e’tibor zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar, dam olish maskanlari, sun’iy ko‘l va suv havzalarining bunyod etilishiga qaratildi.
Xorazm faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mintaqaviy eksport ko‘rsatkichlarining oshirilishi, yangi sanoat obyektlarining qurilishi, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasining asosiy manbasi bo‘lgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida har biri 230−280 megavatt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish, uchta mavjud energoblokni demontaj qilish va ikkitasini zaxira uchun saqlab qolish bo‘yicha loyiha amalga oshirilish ko‘zda tutilgan. "O‘zbekenergo" davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha 678,2 million dollarga baholangan bo‘lib, jumladan Osiyo taraqqiyot bakining 300 million dollarlik va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 230,7 million dollarlik kreditlari hisobiga moliyalashtiriladi.