TOShKENT, 4 apr - Sputnik. O‘zbekiston Senat raisi Tanzila Norboyeva koronavirusga test topshirdi, deb xabar qilmoqda Koronavirus Info telegram kanali.
"Tanzila Norboyevadan tashqari senatorlar, shuningdek, Senat devoni xodimlari ham test topshirgan. Senatda koronavirus aniqlanmadi", - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, shu paytga qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar soni 14 taga oshib, 241 nafarni tashkil etmoqda.
O‘zbekistonda COVID-19 bilan bemorlanganlik bo‘yicha ilk holat 14-mart kuni Fransiyadan qaytib kelgan toshkentlik ayolda aniqlangan edi. Mamlakatda shu vaqtga qadar bemorlarning 25 nafari sog‘aydi, ikkitasi vafot etdi.
Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi koronavirus infeksiyasi - COVID-19 tarqalishini pandemiya, deb e’lon qilgan edi. 3 aprel soat 09.30 holatiga dunyoning 204 davlatida jami 1 015 877 nafar bemorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 212 992 nafari sog‘aygan, 53 217 nafari vafot etgan, 37 654 nafar bemorlar og‘ir ahvolda qolmoqda.